Prezident kollej va texnikumlardagi to‘liq foydalanilmayotgan o‘quv binolari va xonalari tadbirkorlarga bevosita ijaraga berilishini aytdi. Tushgan mablag‘lar binolarni ta’mirlash va jihozlar sotib olishga sarflanadi.
Yangi o‘quv yilidan kollej-texnikumning 1−2 kursida ta’lim tizimi va uni baholash oliygohlar bilan tenglashadi. Texnikumlarda ham oliygohlarda tan olinadigan “kredit tizimi” yaratiladi. 2 yil yetarli “kredit” to‘plaganlar “2+2” yoki “2+3” dasturi asosida OTMning 2 yoki 3-kurslarida ta’limni davom ettiradi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi barcha kasb-hunar ta’limi muassasalarini yaxlit tizim sifatida muvofiqlashtiradi, deya ta’kidlandi prezidentga qilingan taqdimotda. Kelgusi o‘quv yilidan boshlab ayrim texnikumlarda xalqaro dastur asosida o‘qitishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.
2022−2023 o‘quv yilida kollej va texnikumga sirtqi, kechki va dual ta’lim shakllarida o‘qish uchun hujjat topshirganlar imtihonlarsiz to‘lov-kontrakt asosida qabul qilinadi. Imtihonni faqat kunduzgi ta’lim shaklida o‘qishni istaganlar topshiradi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting